“Chimgan sadosi – 2026” ekologik-turistik festivali muvaffaqiyatli o‘tkazildi

“Chimgan sadosi – 2026” ekologik-turistik festivali muvaffaqiyatli o‘tkazildi

2026-yil 12–14-iyun kunlari Toshkent viloyatining Chimgan hududida 49-an’anaviy “Chimgan sadosi – 2026” ekologik-turistik festivali bo‘lib o‘tdi. Festival O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlanib, ekologik turizmni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, yoshlarda tabiatga ehtiyotkorona munosabatni shakllantirish hamda mualliflik qo‘shiqlari an’analarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etildi.

Tadbir doirasida xalqaro turistik va mualliflik qo‘shiqlari tanlovi, Katta Chimgan cho‘qqisiga skyrunning musobaqasi, sportcha orientirlash bo‘yicha bahslar, “Ochiq osmon ostidagi eko-maktab” mashg‘ulotlari hamda “Biz toza Chimgan tarafdorimiz” ekologik aksiyasi o‘tkazildi.

Festival davomida O‘zbekistonning turli hududlari va xorijiy davlatlardan kelgan ishtirokchilar o‘z iqtidorlarini namoyish etib, sport musobaqalari g‘oliblari hamda mualliflik qo‘shiqlari tanlovi laureatlari taqdirlandi. Shuningdek, ekologik aksiya doirasida Chimgan darasi maishiy chiqindilardan tozalandi.

“Chimgan sadosi – 2026” festivali ekologik madaniyatni yuksaltirish, faol turizmni rivojlantirish hamda mamlakatning boy tabiiy va madaniy merosini keng targ‘ib etishga xizmat qiluvchi muhim an’anaviy tadbirlardan biri sifatida yana bir bor o‘z ahamiyatini namoyon etdi.